My Joomla



 

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI VAZIFASINI BAJARUVCHI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O`ZBEKISTON O`QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA TABRIGI

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Avvalambor, dunyodagi eng ulug` va sharafli kasb egasi bo`lgan siz, azizlarni bugungi qutlug` ayyom – O`qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Aziz ustozlar

        Ushbu sana bundan 19 yil oldin O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk Yurtboshimiz Islom Abdug`aniyevich Karimov tashabbusi bilan el-yurtimizning sizlarga bo`lgan yuksak hurmat-ehtiromining amaliy ifodasi, umumxalq bayrami sifatida ta’sis etilganini albatta hammamiz yaxshi eslaymiz.

        Mamlakatimizda sog`lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishni kelajagi buyuk O`zbekistonni barpo etishning eng muhim sharti deb bilgan, sizlarga o`zining eng yaqin maslakdoshlari sifatida katta ishonch va hurmat bilan qaragan Yurtboshimizning o`zlari ham barchamiz uchun mehribon ustoz, talabchan murabbiy edilar.

       Islom Abdug`aniyevich Vatanimizni buyuk muhabbat bilan sevish, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish, bu yo`lda bor bilim va tajribamiz, butun borlig`imizni safarbar etish borasida biz uchun yuksak ibrat maktabini yaratib ketdilar.

       Jahon hamjamiyatida “o`zbek modeli” deb tan olingan taraqqiyot strategiyamizning ajralmas qismi bo`lgan zamonaviy ta’lim-tarbiya tizimiga asos solgan, bu sohani davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi darajasiga ko`tarib, uning rivojlanish yo`llarini aniq belgilab bergan, “Butun O`zbekiston bolalari – mening aziz farzandlarim” deb ularni hamisha e’zozlagan Islom Abdug`aniyevich Karimovning o`lmas tarixiy xizmatlarini bugungi va kelgusi avlodlar doimo chuqur minnatdorlik bilan yodga oladi.

      Ulug` ustozimizning ezgu g`oya va vasiyatlari asosida ta’lim va tarbiya sohasidagi tub islohotlarni yuksak bosqichga ko`tarish, mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir bo`lgan yangi avlod kadrlarini voyaga yetkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish hammamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimiz bo`lib, biz bu yo`lda birinchi navbatda siz, azizlarga, sizlarning bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingizga tayanamiz.

        Aziz do`stlar!

        Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo`lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

      Ayni paytda bugungi kunda oldimizda yanada muhim va dolzarb vazifalar turganini hammamiz yaxshi tushunamiz. Shu borada ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, uning nafaqat davr bilan hamohang bo`lishini, balki zamondan oldinda yurishini ta’minlash, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning ilg`or usullaridan keng foydalanish, bu ishlarni xorijdagi nufuzli markazlar bilan hamkorlikda olib borish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, o`qituvchi va domlalarning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini har taraflama rag`batlantirish bilan bog`liq vazifalarni amalga oshirish, qisqa qilib aytganda, hayotimizga katta kuch bo`lib kirayotgan yangi avlodimizni kamol toptirish uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar safarbar etiladi.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

      Siz, azizlarni 1 oktabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, hayotda va mehnat faoliyatingizda baxt va omadlar yor bo`lishini tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
vazifasini bajaruvchi

Источник: uza.uz